Leonardo Di Kaprioning “Titanik” filmida kiygan kiyimi auksionga qo‘yildi

Gollivud yulduzi Leonardo Di Kaprioning “Titanik” filmidagi kostyumi auksion orqali sotilmoqda, deb xabar berdi People Talk.

Lot uchun kutilayotgan summa 100 ming dollardan 200 ming dollargacha.

 

Jek “Titanik”da kiygan oq ko‘ylak, qora jilet va baxmal shimga aktyorning ism-sharifi yozilgan yorliq hamda syomka sanasi (1996-yilning avgusti) tushirilgan.

Yaqinda MindRiot Entertainment kinokompaniyasi “Titan” batiskafi falokati haqidagi filmni suratga olishi haqida xabar berildi. Ushbu film “Titanik” sujetini eslatadi. Bu haqda rejissor Jeyms Kemeron ham aytib o‘tgan.

 

Bu Leonardo Di Kaprioning auksionga qo‘yilgan birinchi buyumi emas. Bundan avval aktyor “Uoll-strit bo‘risi” filmida haydagan mashinasi ham auksionga qo‘yilgan.