O‘ynagan rollaridan qattiq afsuslangan kino yulduzlar (foto)

Ba’zida aktyorlar va aktrisalar ma’lum bir rolni o‘ynaganlaridan afsuslanishadi. Ayrimlar o‘z ijrosidan norozi bo‘lsa, boshqasiga ssenariy yoki rejissorning ish uslubi yoqmaydi, uchinchisi u ishtirokidagi film studiyaga zarar keltirganidan xafa.

1) Kris Xemsvort (“Tor 2: Zulmat shohi”)

 

“Tor-2” Marvel olamidagi eng yomon filmlardan biri hisoblanadi. Shu sababli bosh aktyor Kris Xemsvort ham film va qahramoniga ishtiyoqi yo‘qligi ajablanarli emas. Intervyuda Kris shunday deydi:

Tor-2 da qilgan ishlarimdan biroz hafsalam pir bo‘ldi. Qahramonimni o‘sgan deb o‘ylamayman — tomoshabinlarga kutilmagan va g‘ayrioddiy narsa ko‘rsata olmadim”.

2) Jessika Alba (“Fantastik to‘rtlik”)

 

Jessika Alba 2000-yillarning o‘rtalarida “Fantastik to‘rtlik” filmida Ko‘rinmas ayol rolini o‘ynaganida superqahramonlar rolini ijro etgan birinchi aktrisalardan biri edi. Biroq bu tajriba muvaffaqiyatsiz tugaydi — filmdan keyin Alba bir muddat aktrisalik faoliyatini yakunlaydi.

“Men bu filmni yomon ko‘rardim. Esimda, men Silver Surferda o‘layotganimda, rejissor menga shunday degandi: “Sen kasalga o‘xshab ko‘rinyapsan. Yig‘laganda go‘zalroq bo‘la olasanmi? Chiroyli yig‘la, Jessika!”.

“Haqiqatan ham shunchalik ahmoqmanmi? Mening instinktlarim va his-tuyg‘ularim yetarli emasmi? O‘shanda o‘zimga o‘zim: “Hammasiga ming la’nat. Endi meni kinobiznes qiziqtirmaydi”, deganman”, — deya qo‘shimcha qiladi Jessika.

3) Jorj Kluni (“Betmen va Robin”)

 

Aktyorlik yutuqlari va rejissorlik faoliyati bilan tanilgan Jorj Kluni ham karyerasida afsuslanadigan rollari borligini tan oladi. Masalan, “Betmen va Robin” filmidagi Betmen obrazi masxara obyektiga aylanadi.

Betmen rolini o‘ynab, omadsizlikka uchradim. Film chindanam yomon edi. Ammo bu muvaffaqiyatsizlikdan saboq oldim: ishimni qayta ko‘rib chiqishga majbur bo‘ldim. Chunki hozir men shunchaki rol beriladigan aktyor emasman”.

4) Shelli Dyuvall (“Yog‘du”)

  

Stenli Kubrik kino tarixidagi eng buyuk rejissorlardan biri hisoblanadi. U perfeksionist bo‘lib, ko‘pincha aktyorlarni eng yaxshi ijroga erishishi uchun holdan toyguncha ishlatadi.

Aktrisa Shelli Dyuvall uchun katta psixologik sinov “Yog‘du” dahshatli filmidagi ishtiroki edi. Tasvirga olish rejalashtirilgan 17 hafta o‘rniga bir yildan ortiq davom etadi. Rejissor aktrisani ayamaydi: u aktrisa qahramonining eri Jekning aqldan ozganini ko‘rib, boshdan kechirgan dahshatni his qilishini xohlaydi. O‘shanda Shelli shunchalik stressga tushganidan sochlari to‘kila boshlagan.

“Bu Kubrik bilan ishlash imkoniyatim edi. Lekin chidab bo‘lmas darajadagi mashaqqat edi. Kundan kunga ishim og‘irlashardi. Film ekranlarga chiqqandan keyin esa hech kim undagi ijromni qadrlamadi, hatto tilga ham olishmadi. Barcha maqtovlar Kubrikniki bo‘ldi, go‘yo men u yerda umuman bo‘lmaganman”, — deydi aktrisa.

5) Robert Pattinson (“Sumerki”)

 

Robert Pattinson intervyularidan birida “Sumerki”ning g‘alati voqealaridan nafratlanishini bir necha bor ta’kidlagan. Bu so‘zlari uchun uni loyihadan haydab yuborishlariga sal qoladi. O‘smir vampir Edvard Kallenni o‘ynash unga qiyin bo‘lgan. 2011-yilda bergan intervyusida Pattinson shunday degan edi: “Bu filmning bir qismi bo‘lish, sizga yoqmaydigan narsani o‘ynash juda g‘alati”.


6) Alek Ginnes (“Yulduzlar jangi”)

 

Alek Ginnes ko‘pchilik tomoshabinlarga “Yulduzlar jangi” filmidagi Jedi Obi-Van Kenobi roli bilan tanish. Garchi u aktyorga katta boylik keltirgan bo‘lsa-da, mish-mishlarga ko‘ra, u bu rolni yoqtirmagan. Filmdagi dialoglar aktyorga yoqmaydi, ular ma’nosiz tuyuladi. Shuning uchun Jorj Lukas Ginnesni har bir epizodda rol o‘ynashga ko‘ndirish uchun ko‘p harakat qilishga to‘g‘ri keladi.


7) Ketrin Xeygl (“Ehtiros anatomiyasi”)

 

Ketrin Xeygl “Ehtiros anatomiyasi”da Izzi Stivens roli bilan mashhur. 2008-yilda aktrisa serial ijodkorlaridan noroziligini bildiradi. Ketrinning ta’kidlashicha, yozuvchilar uning qahramonini Izzi qila olmaydigan narsalarni qilishga majburlagan.

Xeygl, shuningdek, “Emmi” mukofoti uchun da’vogarlar ro‘yxatidan ismini chiqarib tashlaydi. Bu serial ijodkorlarini xavotirga soladi. Ular Xeyglni aktyorlar va ijodiy jamoaga hurmatsizlik qilganlikda ayblashadi — aktrisa serialdan haydaladi. Shu sababli 6-mavsumdan keyin tomoshabinlar doktor Izzi Stivensni boshqa ko‘rmaydi.


8) Keyt Uinslet (“Titanik”)

 

Ajablanarlisi shundaki, Keyt Uinslet uni dunyoga mashhur yulduzga aylantirgan filmdagi ijrosidan norozi. Intervyularining birida aktrisa “Titanik”dagi o‘zi ishtirok etgan kadrlarni tomosha qila olmasligini aytadi:

Har safar o‘zim bor sahnalarni tomosha qilganimda: Rostanmi? Shunday o‘ynaganmanmi? Xudoyimey, deyman. Amerikancha aksentim esa... Men buni eshita olmayman. Bu dahshat”, — deydi Keyt.

×