Koreyalik aktyor Li Byon Xon New York Times jurnali tomonidan 2025-yilning eng yaxshi aktyorlaridan biri deb topildi

Koreyalik aktyor Li Byon Xon New York Times jurnali tomonidan 2025-yilning eng yaxshi aktyorlaridan biri deb topildi

Janubiy koreyalik mashhur aktyor Li Byon Xon nafaqat o'z yurtida, balki butun dunyoda e'tirof etilgan san'atkorlardan biri hisoblanadi. 2025-yilda esa "Kalmar o'yini" seriali orqali butun dunyoga tanilgan aktyorning iste'dodi yana bir bor xalqaro miqyosda yuksak baholandi.

New York Times jurnali talqiniga ko'ra, Li Byon Xon 2025-yilning eng yaxshi aktyorlari o'nligiga kiritildi. Zapzee nashrining xabar berishicha, aktyorning nomi nufuzli "Buyuk ijrochilar" ro'yxatidan joy oldi. Bunga uning "Istisno usuli" filmidagi roli sababchi bo'ldi. Mazkur film dunyoning ko'plab mamlakatlarida namoyish etilib, tomoshabinlar hamda kino tanqidchilari tomonidan yuqori bahoga sazovor boʻlgan.



Mazkur rolda Li Byon Xon murakkab ichki kechinmalarni, inson ruhiyatidagi ziddiyat va tanlovlar og'irligini nihoyatda nozik va ishonarli tarzda aks ettira olgani bilan alohida e'tibor qozondi. Natijada u Liam Nison, Teyana Teylor, Kirsten Danst kabi jahon miqyosidagi mashhur aktyorlar bilan bir qatorda ushbu nufuzli ro'yxatdan joy oldi.

"Rol ijro etayotgan paytimda kundalik hayotim haqida umuman o'ylamayman. Hissiyotlarni aniq va ishonarli ifodalash uchun butunlay oʻsha hikoya ichida yashashim kerak. Ba'zan suratga olish jarayonida o'zimdan chiqqan his- tuyg'ularga o'zim ham hayron qolaman", deydi Li Byon Xon.



Shuningdek, Li Byon Xon "Eng yaxshi kinoaktyor" nominatsiyasida "Oltin globus" mukofotiga ham nomzod sifatida ko'rsatildi. Ushbu mukofot uning faoliyatidagi navbatdagi muhim bosqichga aylanishi mumkin. G'oliblar 2026-yil 11-yanvar kuni rasman e'lon qilinadi.

Avvalroq 50 yilligini nishonlagan Toronto xalqaro kino festivali doirasida Li Byon Xon "Kinematografiyaga qo'shgan hissasi uchun maxsus mukofot"ni qo'lga kiritga ilk koreys aktyor sifatida tarixga kirgan edi.

×