Ilon Mask haqida film suratga olinmoqda

“Oskar” mukofoti sovrindori bo‘lgan rejissyor Aleks Gibni hozirda muhim ish bilan band ekani ma’lum bo‘ldi. Qayd etilishicha, Gibni milliarder Ilon Mask haqida hujjatli film suratga olishini qayd etdi.

“Bir qancha vaqtdan beri amalga oshirilayotgan ushbu loyiha ustida ishlayotganimdan juda xursandman. Men bilan ishlaydigan g‘ayrioddiy jamoadan hayratdaman. Olg‘a!” – deydi Aleks Gibni.

Film “Tesla”, “Twitter” va “Space X” bosh direktorining “portreti” sifatida tasvirlangan, u Ilon Maskni va uning dunyoga ta’sirini “o‘rganish vazifasini o‘z zimmasiga olgan”. Loyiha “Jigsaw Productions” ishlab chiqarish markazi tomonidan amalga oshiriladi.

 

Ijrochi prodyuserlar – Steysi Offman (“Stiv Jobs: Mashinadagi odam”), Richard Perello (“Robin Uilyams: Mening ruhimni ko‘ring”) va Uilyam Xorberg (“Qirolichaning yurishi”). Aleks Gibni ko‘plab hujjatli filmlar, jumladan, “Robin Uilyams: Mening ruhimni ko‘ring” va “Ixtirochi: Kremniy vodiysida qonga bo‘lgan o‘chlik” filmlaridagi rejissyorlik ishlari bilan tanilgan.

2008-yilda Gibni tomonidan suratga olingan “Qorong‘ulikka yo‘nalgan taksi” loyihasi eng yaxshi hujjatli film sifatida “Oskar”ni qo‘lga kiritgan. Filmning premyera sanasi hozircha ma’lum emas. Maskning o‘zi suratga olishda ishtirok etadimi yoki yo‘q, rejissyor bunga aniq javob bermagan.

 

Qayd etish mumkin, amerikalik tadbirkor, muhandis va milliarder Ilon Mask “SpaceX” asoschisi, bosh direktori va bosh muhandisi; “Tesla” investori, bosh direktori va mahsulot arxitektori; “The Boring Company” asoschisi; “Neuralink” va “OpenAI” asoschilaridan biri; “Twitter”ning amaldagi egasi.

2021-yilning 7-yanvar kunida u 185 milliard dollarga teng boyligi bilan “Amazon” asoschisi Jeff Bezosni ortda qoldirdi va birinchi marta sayyoraning eng boy odamiga aylandi. 2021-yilning 1-noyabrida u tarixda 300 milliard dollarlik ko‘rsatkichga erishgan birinchi biznesmenga aylandi.