Hayvonlar shahri 3" multfilmi ustida ishlar boshlandimi?

Hayvonlar shahri 3"  multfilmi ustida ishlar boshlandimi?

Hayvonlar shahri-2" filmi rejissyorlari Bayron Hovard va Jared Bush Xitoyning Weibo ijtimoiy tarmog'ida franshiza muxlislari bilan jonli muloqot o'tkazdi. Suhbat davomida ular "Hayvonlar shahri" franshizasining uchinchi qismi ustida ishlar allaqachon boshlanganini ma'lum qildi.

Rejissyorlar ta'kidlashicha, uchinchi qism premyerasi tomoshabinlar ikkinchi qismni to'qqiz yil kutgani kabi uzoq muhlatga cho'zilmaydi. Bayron Hovard bu haqda shunday dedi:

"Men shoshilishni yoqtirmayman, lekin toʻqqiz yil bu juda uzoq muddat. Keyingi film ancha tezroq chiqishiga va'da beramiz".



Jared Bush esa hozirda jamoa turli syujet

g'oyalari ustida faol ishlayotganini qo'shimcha qildi. Uning aytishicha, g'oyalarni ishlab chiqish jarayoni odatda 2-3 yil davom etadi, animatsion filmni to'liq yaratish esa 4-5 yil vaqt oladi. Shu bois agar rejalar o'zgarishsiz amalga oshsa, "Hayvonlar shahri-3" premyerasi, taxminan, 2030-yilda bo'lib o'tishi mumkin.

Shuningdek, rejissyorlar uchinchi qism syujetida qushlar paydo boʻlishi ehtimoli borligini ham istisno qilishmadi. Ularning ta'kidlashicha, ikkinchi qism finalida ekranda ko'rinadigan pat aynan shu g'oyaga ishora bo'lishi mumkin.



Mushuk va itlarning yo'qligi masalasiga to'xtalar ekan, ijodkorlar bu holat "Hayvonlar shahri" olamida odamlar kabi uy hayvonlari mavjud emasligi bilan izohlanishini aytishdi.

"Aslida multfilmda itlar ham bor, ammo ular tomoshabinlar ko'nikkan uy itlari emas. Otlar masalasida esa istisnolar mavjud: bizda ham yovvoyi, ham uy otlari bor. Biz ham o'z qoidalarimizga amal qilishga harakat qilamiz, biroq ba'zida bu chegaralardan chiqishga to'ri keladi", dedi Jared Bush.



Bundan tashqari, ijodkorlar alohida qahramonlarga, jumladan, tomoshabinlar sevimlisi boʻlgan yalqov Blitsga bag'ishlangan eskizlar va spin-off loyihalar yaratilishi mumkinligini ham istisno etmadi. Ularning fikricha, "Hayvonlar shahri" olami shu qadar boy va kengki, uni faqat to'liq metrajli filmlar bilan cheklab qo'yish mantiqan to'g'ri boʻlmaydi.

Ma'lumot o'rnida, "Hayvonlar shahri-2" filmi noyabr oyining o'rtalarida kinoteatrlarga chiqdi. Kartina hozirga qadar 1,5 milliard dollardan ortiq daromad yig'ib, 2025-yilning eng ko'p foyda keltirgan animatsion filmiga aylandi. Film Xitoy bozorida ham katta muvaffaqiyat qozonib, 500 million dollardan ortiq daromad keltirdi.


×