Shu yilning may oyida Gollivud ijodkorlari ish tashlash e’lon qilgandi. Bu 63 yil ichidagi eng yirigi bo‘ldi. 5 oy davom etgan aksiyadan so‘ng AQSh ssenaristlari gildiyasi (WGA) Kino va televideniye prodyusserlari Alyansi (AMPTP) bilan kelishuvga erishdi.
Deyarli 5 oy davom etgan ish tashlashdan so‘ng, sentyabr oyi oxirida kasaba uyushmasi (gildiya) nihoyat studiyalar va striming kompaniyalari manfaatlarini ifodalovchi AMPTP tashkiloti bilan kelishuvga erishdi. Muzokaralarda Disney, Netflix, NBCUniversal va Warner Bros Discovery kabi yirik studiyalarning vakillari ham ishtirok etdi. 4 kun davom etgan muzokaralarda ular gildiya a’zolari bilan “dastlabki” kelishuvga erishdi. Gildiya ushbu shartnomani ovozga qo‘yib, ma’qullansa, ratifikatsiya qilishi kerak, bu oktyabr boshida sodir bo‘lishi aytilgan.
“Agar mehnat huquqlari uchun kurash haqidagi ushbu hikoya Gollivud tili bilan aytilsa, bu hikoyadagi ssenaristlar gildiyasi g‘olib anderdog — raqibidan og‘irroq vaziyatga tushib qolgan, lekin baribir o‘z maqsadiga erishgan qahramon bo‘lardi”, deb yozadi taniqli nashrlardan biri.
Ssenaristlar o'z maqsadlariga erishishdimi?
Birinchi navbatda, ssenaristlar ushbu yangi shartnoma bilan minimal gonorar stavkasini umumiy hisobda 12,5 foizga (shartnoma kuchga kirganda 5 foizga, 2-yilda 4 foizga, uchinchi yilda esa yana 3,5 foizga) oshirish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Ikkinchidan, 96 daqiqadan ko‘proq, film byudjeti 30 million dollardan yuqorini tashkil qiluvchi striming xizmatlari uchun yozilgan ishlar uchun studiyalar gonorarni avvalgidan 18 foizga ko‘proq to‘laydi. Gildiyaga ko‘ra, platformalar uchun to‘liq metrajli, yuqori byudjetli filmlar (shartnomada ilgari hisobga olinmagan yangi janr) kinoteatr uchun ishlangan filmlar singari to‘lanishi kerak.
Endi ssenariy mualliflariga ikkinchi qoralama (ssenariyning buyurtmachi qo‘shimchalarini o‘z ichiga olgan ikkinchi versiyasi) yozish huquqi kafolatlanadi. Bu muallifga o‘z ishining natijasini ko‘proq nazorat qilish imkonini beradi va buyurtmachi oldindan pul to‘lamay turib o‘zgartirish kiritish haqida gapirishining oldini oladi.
Shuningdek, Gildiya to‘lov jadvalini o‘zgartirishga muvaffaq bo‘ldi. Endi gonorarning yarmi ssenariy muallifiga ish boshlanganidan keyin, chorak qismi — boshlanganidan to‘qqiz hafta o‘tgach, qolgani esa ish tugaganidan keyin to‘lanadi.
Yangi shartnoma matniga ko‘ra, mualliflar loyiha ustida 10 hafta ishlash huquqi va loyiha tasdiqlangandan so‘ng eng kamida 20 haftalik ish rasmiy bandlikka ega bo‘ladi, ammo AMPTP buni hali qabul qilgani yo‘q.
Shartnomaning eng nozik nuqtalaridan biri striming platformalarida e’lon qilingan ishlar uchun mualliflik to’lovlari edi. Gildiya nafaqat studiyalarni xalqaro translatsiya uchun gonorarni oshirishga undadi, balki bu gonorarlar chet eldagi striming obunachilari soniga bog‘liqligini ta’kidladi. Masalan, mahsulot e’lon qilingdan keyin birinchi 90 kun ichida striming xizmatining 20 foiz foydalanuvchisi uni tomosha qilgan bo‘lsa, ssenariy mualliflari bonus oladi.
Ssenariy mualliflarining ijodiy guruhlari, yangi kelishuvga ko‘ra, nihoyat, pensiya jamg‘armasiga va tibbiy sug‘urtaga individual ijodiy birliklar kabi badallarni oladi.
Bundan buyon sun’iy intellekt ssenariy muallifi hisoblanmaydi va dastur tomonidan yaratilgan material adabiy material yoki adabiy asar uchun manba hisoblanmaydi. Ammo ssenariy muallifi o‘z ishida sun’iy intellektdan foydalanishi mumkin, lekin bu haqda studiyani ogohlantirishi kerak. Studiyaning o‘zi ssenariy muallifini material ustida ishlash uchun sun’iy intellektdan foydalanishga majburlay olmaydi.
Ssenariy mualliflari oktyabr oyi boshidan ishga qaytgan bo‘lsa-da, kino sanoati hali ham to‘liq qaytadan boshlash uchun kurashmoqda. To‘liq tiklanishi uchun esa aktyorlar gildiyasi bilan ham kelishuvga erishish kerak bo‘ladi.
Tasodifiy xabarlar
"O'g'rilanmagan kelin" filmida Shohruhxon rostdan ham Kajolni sevib qolganmi?
"Taxi" filmi aktyorlari xozir qanday ko'rinishda?
"Oskar" ga nomzod filmlar ro'yhati e'lon qilindi!
"Transformerlar 7" filmidan ikkinchi rasmiy treyler
"Barbi" va "Oppengeymer" filmlari Rassiyada namoyish etilmaydi
"Ofitser 55" detektiv milliy seriali treyleri