Hayot sinovlariga yengilmaslikni o'rgatuvchi filmlar

Har birimiz hayotda turli qiyinchilik va toʻsiqlarga duch kelamiz, ularni yengib oʻtish uchun qalban kuchli boʻlishimiz zarur. Qahramonlar oʻz xarakterining bardoshli ekanini namoyish etadigan, hatto, eng qiyin vaziyatlarda ham taslim boʻlmaslikka oʻrgatadigan filmlar ketma-ketligi bilan tanishing.

1) “Buyuk shoumen” (2017)

 

Maqsadga olib boradigan yoʻl koʻpincha tikanli, baʼzan esa aqldan ozdiradigan darajada murakkab koʻrinadi. Musiqiy asar voqealari 19-asrda boʻlib oʻtadi. Finias Barnum rafiqasi Chariti va ikki qizi bilan Nyu-Yorkda kun kechiradi. Qashshoqliklariga qaramay, ular bir-birlariga cheksiz muhabbat bilan yashaydi. Biroq, tez orada ularning oilasini yangi zarba kutadi — Barnum ishlaydigan kompaniya bankrot boʻldi. Ishsiz qolgan qahramon imkoniyatdan foydalanishga va oʻz davri uchun innovatsion gʻoyani amalga oshirishga qaror qiladi: Finiasning oʻzi taʼkidlaganidek, “gʻayrioddiy tomosha”ni yaratadi va uni namoyish etadi. Koʻpchilik bu spektaklning taqdiri muvaffaqiyatsizlik bilan yakun topishini bashorat qiladi. Ammo yangi va tajribasiz shoumen barcha toʻsiqlarga qaramay, oʻz truppasining gʻalabasiga astoydil ishonadi.

2) “Shoushenkdan qochish” (1994)

 

“Oskar” mukofotining yettita nominatsiyasiga sazovor boʻlgan mashhur film ikki kishi — oʻz xotini va uning jazmanini oʻldirganlikda ayblanib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan bankir Endi Dyufreyn haqida hikoya qiladi. Qattiq rejim va gʻayriinsoniy qamoqxonada boʻlgan chogʻida, bosh qahramon ruhiyatini choʻktirmaydi, shaʼnini soʻzsiz himoya qiladi. Insoniy fazilatlari tufayli u Shoushenkda oʻziga qulay muhit yaratadi, doʻstlar orttiradi va qaysidir maʼnoda ijodiy erkinlikka erishadi. Insoniy qiyofasini va irodasini yoʻqotmagan holda qamoqdan qochishga muvaffaq boʻladi.

3) “Tanholikda” (2000)

Albatta, koʻpchilik bolaligida ingliz yozuvchisi Daniel Defoning “Robinzon Kruzo” romanini oʻqigan. Ushbu film zamonaviy voqeliklar kontekstida choʻl orolda omon qolish haqida hikoya qiladi. 1995 yilda bosh qahramon rolini Tom Xenks oʻynagan Chakning samolyoti “Kuk” arxipelagi yaqinida halokatiga uchraydi. U suvda suzib-suzib quruqlikka chiqib olishga muvaffaq boʻladi, ammo u bu yerda butunlay yolgʻiz qolganini tushunib yetadi. Kundalik odatlarini yangilashiga toʻgʻri keladi, ogʻir jismoniy zoʻriqish va psixologik sinovlarni boshdan kechiradi. Film yakuniga qadar tomoshabinni tahlika bilan ushlab turadigan ajoyib sarguzasht dramasidir.

4) “Baxt izlab” (2006)

 

Gohida sinovlarga taslim boʻlmaslik va yuksaklikka erishish uchun eng kuchli turtki — bu yaqinlarning baxtidir. Savdo vakili Kris Gardner hali kichkina oʻgʻli uchun kambagʻallikdan qutulishga harakat qiladi. Qahramon oʻz oilasining hayotini butunlay oʻzgartira oladigan darajada katta imkoniyatga ega boʻladi, ammo bu juda koʻp kuch va mashaqqatli mehnatni talab qiladi. Filmning yana bir yutugʻi shuki, unda asosiy rollarni yulduzlar tandemi — Uill va Jeyden Smit oʻynagan.

5) "Quyon Jojo" (2019)

 

Oʻn yoshli bolakayni lagerdagi bolalar masxara qilayotganini his qilish qanday? Agar bu bola fashistlar Germaniyasi davrida yashasa va lager Yungfolk oʻquv lageridan boshqa narsa boʻlmasa-chi? Kichkina Yoxannesning ogʻir taqdiri aynan shu joydan boshlanadi. Bu yerda “Gitler yoshlari” aʼzolari jasoratini isbotlash uchun Yoxannesga quyonni oʻldirishni buyuradilar. Ammo bolakay buni qila olmaydi va shundan boshlab haqoratli laqab oladi.

Qoʻrqinchli haqiqatga duch kelgan JoJo xayolot olamiga tobora koʻproq shoʻngʻiy boshlaydi. Biroq syujet rivojlanib borar ekan, bolalarning mavjud tuzum haqidagi sodda tasavvurlari qanday barbod boʻlishini, qahramonning asta-sekin atrofidagi vaziyatni anglab yetayotganini kuzatish mumkin. Yoxannes dahshatli haqiqatni tan olishi, oʻzi uchun muhim qarorlar qabul qilishi va erta ulgʻayishiga toʻgʻri keldi. Taʼkidlash joizki, bu film tragikomediyadir, unda tasvirlangan gʻamgin voqealar yumor yoʻsinida bayon etiladi.

6“Marslik” (2015)

 

Ushbu filmdagi omon qolish haqidagi yana bir hikoya. Asar ilmiy fantastika janrida. Amerikalik astronavt Mark Uotni tadqiqot ekspeditsiyasi chogʻida adashib, Marsda qolib ketadi. Endilikda qahramon qiyin vaziyatdan chiqish yoʻlini topishi, begona va choʻl sayyoraning ogʻir sharoitlariga moslashishni oʻrganishi shart. Ekipaj aʼzolarining Yerdagi doʻstlari ularning halok boʻlganiga ishonchi komil. “Marslik” filmini tomosha qilish sizga kuchli motivatsiya beradi, oʻzingizga boʻlgan ishonchni oshiradi.

7) “Harbiy gʻavvos” (2000)

 

Real voqealar asosida suratga olingan film tarixdagi birinchi qora tanli gʻavvos Karl Brasher haqida hikoya qiladi. Butun tizim qarshi chiqqan insonning nimalarni boshidan kechirishiga toʻgʻri kelishini tasavvur qila olasizmi? Karl irqiy kamsitish sharoitida professionallik faqat qatʼiyatlilik, chidamlilik, matonat va sabr-toqat kabi shaxsiy fazilatlar bilan belgilanishini isbotlaydi. Yigit shunchaki maqsad sari bormaydi, balki u uchun kurashadi, kezi kelganda jiddiy sinovlarga duchor boʻladi. Orzulari Karlga juda qimmatga tushadi, ammo u oxir oqibat chinakam qahramonga aylanadi.

8) “Forrest Gamp” (1994)

 

Bu filmni takror-takror tomosha qilish mumkin. Kinokartinaning ser qirraliligi har safar unda yangi, jozibali, ilhomlantiruvchi nimanidir topishga imkon beradi. Syujet markazida aqli zaif odamni koʻrish mumkin. Sogʻliq va ijtimoiylashuv bilan bogʻliq muammolarga qaramay, qahramon doimo nimagadir intiladi. Bir joyda qotib turmaydi, shu bois uning hayoti yorqin voqealarga boy. Qahramon orzu qiladi, sevib qoladi va hamma kabi baxtli boʻlishni istaydi. Uning boshiga koʻp sinovlar tushadi, ammo Forrest har qanday vaziyatga optimizm bilan qaraydi, yaxshi tomoni u koʻpincha omadli hamdir. Voqea-hodisalarga sodda, xushmuomalalik bilan qarash uning yuksaklikka erishishga, atrofidagi dunyoni yaxshi tomonga oʻzgartirishga imkon beradi. Agar filmni hali koʻrmagan boʻlsangiz, bu xatoni hoziroq tuzatish uchun kinoni tomosha qilishga shoshiling!

9) “Istaklar roʻyxati” (2007)

 

Har doim hamma narsani qilishga ulguradiganga oʻxshaydi, chunki oldinda butun bir hayot turibdi. Ammo bosh qahramonlar Edvard Koul va Karter Chambersning bunga deyarli vaqti yoʻq — ikkalasi ham ogʻir kasal va qolgan umri bir yildan koʻp emas. Birinchisi — milliarder, shifoxonalar tarmogʻi egasi, ikkinchisi — oddiy avtomexanik. Ular bir palatada uchrashadilar va tez orada yaqin doʻstlarga aylanishadi. Umidsiz vaziyatda boʻlishsa ham taslim boʻlmaydilar, aksincha, eng ezgu orzularini amalga oshirishga qaror qilishadi. Doʻstlar birgalikda tilaklar roʻyxatini tuzadilar, umrlari tugashi bilan ularni roʻyxatdan kesib tashlamoqchi boʻladilar. Ular barcha orzularini amalga oshirishga muvaffaq boʻladimi, yoʻqmi, ushbu ruhlantiruvchi filmni tomosha qilsangiz, bilib olasiz.