"Uch qahramon" filmi treyleri e'lon qilindi (Video)

10 - mart kuni “Uch qahramon” oʻtkir syujetli badiiy filmning trelyeri e’lon qilindi.

 

Hali katta ekranlarga chiqmasidanoq, ayrim sahnalari bilan shov-shuv ko‘targan “Uch qahramon” filmi O‘zbekiston Kinematografiya agentligi hamda Ichki ishlari vazirligi jamoat xavfsizligi departamenti buyurtmasiga binoan “Spectre studio” MChJ tomonidan suratga olinmoqda. To‘liq metrajli mazkur badiiy filmda ichki ishlar xodimlarining faoliyati va hayoti haqida hikoya qilinadi.

Kinokartina bosh prodyuserlari Firdavs Abduxoliqov hamda Bekmurod Abdullayev, rejissyor va ssenariy muallifi Shohrux Rasulov, operator Azizbek Normatov.

 

Bosh rollarni o‘zbekistonlik taniqli aktyorlar — Ulug‘bek Qodirov, Shohrux Hamdamov va Sirojiddin Sattorov, shuningdek, qozog‘istonlik aktyor Tauekel Musilim ijro etgan.

Loyiha muallifi Shohrux Rasulov soʻzlariga koʻra, film premyerasi yaqin oylarga rejalashtirilmoqda. Hozirda qoʻshimcha suratga olish va post-prodakshn ishlari boshlangan. Kompyuter grafikasi va ranglar boʻyicha mutaxassislar ishlashmoqda, dublyaj jarayoni ketmoqda.