Joan Rouling “Garri Potter”dagi qaysi qahramonini “o‘ldirganidan” afsuslangani haqida so‘zlab berdi

Joan Rouling “Garri Potter”dagi qaysi qahramonini “o‘ldirganidan” afsuslangani haqida so‘zlab berdi

Garri Potter ismli sehrgar bola haqidagi afsonaviy filmning so‘nggi qismi sevimli qahramonlarining o‘limi tufayli ko‘plab muxlislarning qalbini sindirdi. Muallif Joan Rouling ham muxlislar kabi asar qahramonlaridan birining o‘limidan juda afsusda ekanligini aytdi.


Bu borada ko‘plab o‘quvchilar va tomoshabinlar xayoliga keladigan birinchi qahramon Dobbi ismli sehrgar elf yoki professor Severus Sneypdir. Balki muallif o‘limidan afsuslanadigan qahramon bu Bellatriks Lestreynj tomonidan sovuqqonlik bilan o‘ldirilgan Sirius Blek bo‘lishi mumkin, deb o‘ylaymiz.

Ammo bu personaj hatto Fred Uizli ham emas, balki filmda qisqa muddatga paydo bo‘lgan ikkinchi darajali qahramon bo‘lib chiqdi. Uning ismi Florian Forteskyu bo‘lib, u Diagon alleyasidagi muzqaymoq do‘konining egasi bo‘lgan.


Pottermore saytida Joan Rouling bu borada shunday deb yozdi:

Dastlab ushbu qahramon uchun menda mutlaq boshqa rejalar bor edi. U Garriga o‘lim sirlarini ochishda turli tavsiyalar va yo‘l-yo‘riqlar berishi lozim edi. Shuning uchun ikkisining tanishuvi erta sodir bo‘ldi. Ammo keyinroq men Fineas Blek Garriga yordam beruvchi inson roliga ko‘proq mos keladi, deb qaror qildim. Natijada hech qanday jiddiy sababsiz Forteskyu qahramonini o‘limga hukm qildim. Aniqrog‘i, uni Volan de Mort qo‘llari bilan o‘ldirdim. Men bundan afsusdaman”, deydi muallif.

Bir qarashda Rouling Garriga yordam berishdek muhim vazifani oddiy muzqaymoq sotuvchisiga ishonib topshirish niyatida bo‘lgani g‘alati tuyuladi. Shu o‘rinda, Florianning biografiyasidan muhim tafsilotni yodga olish lozim: u Xogvarts maktabining sobiq direktori Dekster Forteskyuning avlodi bo‘lgan. Shu sababli qahramon Garri uchun qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘lishi mumkin edi.

Теглар:
×