2024-yilda dunyo prokatidagi yetakchi 10 ta filmning barchasi sikvellar bo‘ldi

2024-yilda dunyo prokatidagi yetakchi 10 ta filmning barchasi sikvellar bo‘ldi

2024-yilda premyera qilingan va eng yuqori daromad keltirgan filmlar ro‘yxati e’lon qilindi.

Joriy yilda dunyodagi eng kassabop loyihalarning barchasi filmlarning ikkinchi qismi bo‘lib, ulardan ikkitasi bir milliard dollardan ortiq daromadga chiqqan. Mazkur reytingda “Boshqotirma-2” filmi 1,698 milliard dollar bilan birinchi o‘rinni egalladi. Faxrli ikkinchi o‘rinni 1,337 milliard bilan “Dedpul va Rosomaxa” oldi.

Shuningdek, yilning eng ko‘p daromad keltirgan filmlari beshtaligiga “Yaxshi bo‘lish osonmi-4”, “Dyuna: ikkinchi qism” va “Godzilla va Kong: yangi imperiya” kabi loyihalar kirdi. Ularning umumiy daromadi besh milliard dollardan oshdi.



“Kung-fu panda-4”, “Bitljus Bitljus”, “Venom: so‘nggi raqs”, “Yomon yigitlar” va “Maymunlar sayyorasi: yangi qirollik” filmlari eng kassabop kartinalar o‘ntaligiga kirdi.

Bunday holat so‘nggi 50 yil ichida birinchi marta sodir bo‘lmoqda. Ikkinchi qismlarning barchasi nafaqat birinchisidan ham mashhur, balki iqtisodiy jihatdan ko‘proq foyda keltirish bo‘yicha ham yetakchi bo‘lib qolmoqda. Masalan, “Boshqotirma-2” hamda “Dedpul va Rosomaxa” premyerasidan keyin 100 kun ichida Disney+ platformasida chiqarildi, biroq ularning kassa daromadlari kamaymadi.



Ammo insonlarning kinoteatrlarga bo‘lgan qiziqishi yil sayin pasayib bormoqda. 2024-yilda eng yaxshi o‘nta filmlarning umumiy daromadi 7,5 milliard dollarni tashkil etdi, bu 2023 (8,5 milliard dollar) va 2022 (10,2 milliard dollar) yillardagi ko‘rsatkichdan ancha kam. Shunga qaramay, “Yaxshi bo‘lish osonmi”, va “Venom” kabi muvaffaqiyatli franshizalarning davomi hali ham tomoshabinlarni jalb qilmoqda va kino sanoati rivojiga o‘z hissasini qo‘shmoqda.



Ma’lumotlarga ko‘ra, yil oxirigacha ushbu reytingga “Yovuz: G‘arb jodugari haqida ertak” musiqiy filmi ham kirishi mumkin. Kinokartina premyerasi 22-noyabrda bo‘lib o‘tdi. Uning kassa daromadi bir milliard dollardan oshishi bashorat qilinmoqda.


×