Netflix striming platformasida taqdim etilgan Janubiy Koreyaning yangi “Karma” (“Qaytar dunyo”) seriali allaqachon kinosevarlar orasida mashhurlikka erishdi. NDTV nashrining yozishicha, triller janridagi bu kartinaga katta muvaffaqiyat bashorat qilinmoqda — loyiha mashhur “Kalmar o‘yini” seriali darajasiga ham yetishi mumkin.
So‘nggi yillarda janubiy koreyalik ijodkorlar tomonidan ishlangan seriallar butun dunyoda ommalashib, ko‘rishlar soni bo‘yicha rekordlar o‘rnatmoqda. Netflix tomonidan suratga olingan yangi triller 2025-yil 4-aprelda namoyish etildi. Premyeradan ko‘p o‘tmay, uni “barcha davrlarning eng hayratlanarli trilleri” deb atashdi, syujet esa “ko‘z uza olmaydigan darajada qiziqarli”, deya ta’riflanmoqda.
Serial dahshatli jinoyat tufayli taqdirlari o‘zaro tutashgan olti kishi haqida hikoya qiladi. Bosh rollarda Pak Xe Su, Shin Min A va Li Xi Jun ishtirok etgan. Pak Xe Su butun dunyoga “Kalmar o‘yini” serialidagi Cho San U (218-raqamli o‘yinchi) roli bilan tanilgan edi.
“Karma” bir fasldan iborat bo‘lib, olti qismni o‘z ichiga oladi. Har bir qahramon o‘zining qorong‘i o‘tmishi bilan yuzlashadi va shafqatsiz haqiqatga tik boqadi. Hikoyaning muhim burilish nuqtasida esa qahramonlardan biri halok bo‘ladi, bu esa tasodiflar zanjirini uzib qo‘yilishiga olib keladi.
Serial treylerda ko‘rsatilgan sahna bilan boshlanadi: tanasining katta qismi kuygan erkak kasalxonaga olib kelinadi. U shifokorga o‘z ismini aytgach, ayol voqea ortidagi dahshatli sir yotganini tushunadi — aynan shu sir atrofida butun syujet quriladi. Keyin esa voqealar 15 kun oldingi davrga qaytadi va tomoshabin olti qahramon qanday bog‘langanini, hamda o‘sha kuygan odamga nima bo‘lganini asta-sekin tushuna boshlaydi.
Rotten Tomatoes saytida “Karma” seriali 80 foizlik ijobiy baho oldi — bu esa loyihaning tanqidchilar tomonidan ijobiy kutib olinganini ko‘rsatadi.
Tasodifiy xabarlar
UFC yulduzi Konor Makgregor o‘zini aktyorlikda sinab ko‘rdi
"Oy gulining qotillari" yangi kriminal film treyleri
Aktrisa Lindsay Lohan "Marvel" kino olamiga qo'shilishni xoxlaydi!
"Taxi" filmi aktyorlari xozir qanday ko'rinishda?
"Qasoskorlar 5: Kang sulolasi" filmi haqidagi ma'lumotlar
Kino yulduzlari haqida siz eshitmagan 10 ta fakt!