2025-yilgi Kann kinofestivali g‘oliblari e’lon qilindi

2025-yilgi Kann kinofestivali g‘oliblari e’lon qilindi

78-Kann kinofestivali g‘oliblari e’lon qilindi. Variety nashrining yozishicha, festivalning bosh mukofoti eronlik rejissyor Jafar Panahining “Oddiy tasodif” nomli filmiga topshirildi.

Jafar Panahi bir necha marta qamoq jazosini o‘taganidan va Eronni tark etish huquqidan 20 yilga mahrum etilganidan so‘ng, ilk bor festivalda ishtirok etishga muyassar bo‘ldi.



The Hollywood Reporter xabar berishicha, rejissyor “Oddiy tasodif” filmini yashirin tarzda suratga olgan va bu loyihaga uni aynan qamoqxonada o‘tkazgan yillari va tajribalari ilhomlantirgan. Film qurbonlar va jallodlar o‘rtasidagi munosabatlar haqida hikoya qiladi. Syujetga ko‘ra, ozodlikka chiqqan muxolif fikrdagi shaxs uni bir vaqtlar qamoqda qiynagan odamlardan birini uchratdim, deb o‘ylaydi. Avvaliga u qasos olishni rejalashtiradi, biroq keyinchalik shubhalanib, o‘ziga savol beradi: adolat istayotgan odam uchun zo‘ravonlikka javoban zo‘ravonlik qilish to‘g‘rimi?



Joriy yilda “Oltin palma yaprog‘i” uchun 22 ta film kurash olib bordi. Nomzodlar orasida Richard Linkleyterning “Yangi to‘lqin”, Ari Asterning “Eddington”, hamda Ues Andersonning “Finikiya sxemasi” kabi filmlari ham bor edi.


G‘oliblar ro‘yxati:


Oltin palma yaprog‘i — “Oddiy tasodif”, Jafar Panahi

Gran-pri — “Hassos qadriyat”, Yoakim Triyer (Daniya)

Hay’at a’zolari mukofoti — «Sirat», Oliver Lashe va “Qulash ovozi”, Masha Shilinski

Hay’atning maxsus mukofoti — «Tirilish», Bi Gan

Eng yaxshi rejissyor — “Maxfiy agent”, Kleber Mendonsa Filho

Eng yaxshi aktrisa — “Singil”, Nadiya Melliti

Eng yaxshi aktyor — “Maxfiy agent”, Vagner Moura

Eng yaxshi ssenariy — “Yosh onalar”, Jan-Pyer va Lyuk Darden

«Oltin kamera» mukofoti — “Prezident torti”, Hasan Hadi

FIPRESCI (Xalqaro kino tanqidchilari federatsiyasi) mukofoti — “Maxfiy agent”, Kleber Mendonsa Filyo

Теглар:
×