"G'alati Narsalar" seriali AQSH uchun juda foydali loyiha bo'ldi

"G'alati Narsalar" seriali AQSH uchun juda foydali loyiha bo'ldi

Netflix'ning mashhur "G'alati Narsalar" (Stranger Things) seriali AQSH iqtisodiyotiga sezilarli ta'sir ko'rsatgan yirik media loyihalar qatoriga kirdi. Serial mamlakat iqtisodiyotiga jami 1,4 milliard dollar miqdorida daromad olib keldi.

Tahlillarga ko'ra, serial AQSHning bir nechta shtatlari iqtisodiyotiga foyda qilgan, xususan, Kaliforniya shtati yalpi ichki mahsulotiga qariyb 500 million dollar daromad kiritilgan. Biroq eng katta foyda Jorjiya shtatiga to'g'ri kelgan. Serialning asosiy qismi aynan shu hududda suratga olingani sababli, shtatga 650 million dollar atrofida sarmoya jalb qilingan.



Mutaxassislarning ta'kidlashicha, bunday yirik seriallar nafaqat kino sanoatini, balki transport, mehmonxona, ovqatlanish, xizmat ko'rsatish va qurilish kabi ko'plab sohalarni ham qo'llab-quvvatlaydi. "G'alati Narsalar" loyihasi ishga tushirilganidan buyon 8 mingga yaqin mutaxassis - aktyorlar, texnik xodimlar, dizaynerlar va ishlab chiqarish jamoasi a'zolari ish bilan ta'minlangan.

Serial mualliflari aka-uka Dufferlar yakuniy mavsumni suratga olish jarayoni taxminan bir yil davom etganini ma'lum qilgan. Ularning so'zlariga ko'ra, jami 650 soatdan ortiq video material tasvirga olingan boʻlib, bu serial tarixidagi eng yirik ishlab chiqarish jarayonlaridan biri hisoblanadi.



Bundan tashqari, asosiy serial yakunlansa-da, "G'alati Narsalar" olami to'liq tugatilmaydi. Dufferlar Netflix bilan birgalikda spin-off loyihalar ustida ishlashni rejalashtirayotganini tasdiqlagan.

Ma'lumot uchun, "Ajabtovur ishlar" ko'rishlar soni bo'yicha ham rekord natijaga erishgan. Serialning barcha mavsumlari jami 1,3 milliard marta tomosha qilingan hamda Netflix'ning ingliz tilidagi barcha seriallar orasida birinchi haftadayoq eng ko'p tomosha qilingan serialga aylangan. Premyeradan so'ng serial dastlabki haftada serial 59,6 million tomoshabinni jalb qilgan.


×