“Rapunzel” jonli filmi uchun bosh rol ijrochilari ma'lum bo'ldi

“Rapunzel” jonli filmi uchun bosh rol ijrochilari ma'lum bo'ldi

Walt Disney Pictures uzoq muhokamalardan so'ng "Rapunzel" multfilmi asosidagi filmda bosh rollarni kimlar ijro etishini rasman ma'lum qildi. Ma'lumotlarga ko'ra, Rapunzel obraziga "Titanlar" seriali orqali tanilgan avstraliyalik yosh aktrisa Tigan Kroft tasdiqlangan. Flinn Rayder rolini esa aktyor Maylo Manxeym ijro etadi. Filmning premyera sanasi hozircha e'lon qilinmagan.

Kartina 2010-yilda namoyish etilgan va katta muvaffaqiyat qozongan "Rapunzel" animatsion filmining qayta ishlangan varianti bo'ladi. O'z vaqtida 260 million dollarlik byudjet bilan suratga olingan multfilm jahon prokatida 592 million dollar daromad keltirgan. Undagi "When Will My Life Begin" qo'shig'i "Oskar" mukofotiga nomzod bo'lgan. Multfilm muvaffaqiyatidan so'ng "Rapunzel: Abadiy baxtli" nomli qisqa metrajli film hamda "Rapunzelning sarguzashtlari" animatsion seriali suratga olingan.



Disney yangi to'liq metrajli film ham dunyo miqyosida katta muvaffaqiyat qozonishi, hatto milliardlab dollar daromad keltirishi mumkinligini yozmoqda. "Rapunzel" filmidagi navbatdagi muhim rollardan biri Gotel obrazi boʻlib, bu rolni Skarlett Yoxansson ijro etishi mumkin.



Film ustida faoliyat olib borayotgan ijodiy jamoa ham e'tiborga loyiq. Kartinaga Xyu Jekman ishtirokidagi "Eng buyuk shoumen" filmi bilan tanilgan Maykl Greysi rejissyorlik qiladi. "Kristofer Robin" va 2021-yilda suratga olingan "Kruella" filmlarida ishlagan Kristin Barr prodyuser sifatida loyihaga jalb etilgan. Ssenariy muallifi esa "Tor: Sevgi va chaqmoq" filmi ustida ishlagan Jenni Robinson.

×