Indiana Jons haqidagi siz bilmagan ma'lumotlar

Indiana Jons – Jorj Lukas va Stiven Spilberg tomonidan 1981-yilda “Yo‘qotilgan kema bosqinchilari” filmi va undan keyingi 3 ta “Indiana Jons va halokat ibodatxonasi”, “Indiana Jons va so‘nggi salib yurishi” kabi filmlar uchun yaratilgan ajoyib fantastik qahramon. Do‘stlari tomonidan “Indy” nomi bilan tanilgan o‘smir Indiana shlyapasini olganidan keyin “Indiana Jons” nomini oladi. U kollejda taniqli aktyor Denholm Elliot tomonidan quvnoq professor sifatida tasvirlangan Markus Brodi rahbarligida arxeologiyadan dars beradi. Film davomida u noyob arxeologik tadqiqotlari ortidan turli sarguzashtlarga duch keladi. Uning fikriga ko‘ra, artefaktlar xususiy va ochko‘z kolleksionerlarga emas, balki muzeylarga tegishli bo‘lishi kerak. U shaxsiy kollektorlardan artefaktlarni olish uchun har qanday ishni qilishga tayyor, ayniqsa, ularning fashistlarga aloqasi bo‘lsa. Eʼtiborlisi, Jonsda ham boshqa qahramonlar singari Spilbergning avtobiografik elementlarini ko‘rishimiz mumkin

 

Tanqidlarga uchragan film

Indiana Jons o‘tmish va bugunning eng sevimli sarguzasht filmlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Film qahramonining o‘ziga xos ko‘rinishi: shlyapa, qamchi, fedora-shlyapa, ilonlardan qo‘rqish va chandiq – bularning barchasi shu qadar mashhurlikka erishdiki, romanlar, komikslar, video o‘yinlar, hattoki Disneyning bir qancha attraksionlarida ham tasvirlandi. Аmmo “Yo‘qotilgan kema bosqinchilari” filmida Jons yigirmadan ortiq odamni o‘ldirgani o‘sha davrda haddan tashqari tanqid qilingan. Jonsni bir guruh kino ixlosmandlar adolatli deb taʼriflasa, yana baʼzilari haddan tashqari zo‘ravonlikda ayblagan. Keyingi filmlarda esa Jonsning turli madaniyatlar, xususan, islom madaniyatiga va ikkinchi filmda aks ettirilgan hind madaniyatiga hurmatini ko‘rishimiz mumkin.

 

“Indiana Jons”ning izdoshlari

Film qahramoni tomoshabinlar qalbidan chuqur joy oldi. Hatto, unga o‘xshashni orzu qiladigan sarguzasht ishqibozlari ham paydo bo‘ldi. Misol uchun, asli qassob bo‘lgan Ridjuey Jorj bolaligidanoq Indiana Jonsga havas qilib kelgan. U yoshligidanoq kovboylar singari shlyapa kiyib, qo‘lida qamchi ko‘tarib yuradi. U 2019-yilning sentyabrida “Google Earth” xaritalarini ko‘zdan kechirayotib, Ipsvich yaqinidagi Suffolkda g‘ayrioddiy dala tuzilishiga duch keldi. So‘ngra metall detektorni olib, safarga otlanadi. Ridjuey u yerda miloddan avvalgi 46-47-yillarga oid Yuliy Sezarning kumush dinorini topadi. Yana bir necha soatlik qidiruvdan so‘ng yana 180 dona tanga topiladi. So‘ngra singan qozon qismlari va boshqa tangalar ko‘rinish beradi. Uning fikricha, bu pullarning barchasi birga ko‘milgan. Shundan so‘ng uch oy davomida arxeologlar bilan ishlagan holda qolgan – jami 748 dona tanga qazib olingan. Bu uchun taxminan uch oy vaqt ketgan.

Ridjueyning o‘zi bu topilmani hayratlanarli va aqlbovar qilmas, deb atagan. Biroq u buni foyda uchun emas, balki tarixiy topilmalarni qidirish uchun qilganini taʼkidladi.

 

Xarrison Ford so‘nggi marta sevimli fedora-shlyapani kiyishga tayyor, Stiven Spilberg esa rejissyor emas

Ko‘p yillik tanaffusdan so‘ng, Indiana Jons film franshizasi beshinchi qismining nomi 1-dekabr kuni eʼlon qilingan birinchi tizer debyuti bilan birga rasman maʼlum bo‘ldi. Film “Indiana Jons va taqdir g‘ildiragi” deb nomlanadi.

Franchayzing tarixida birinchi marta Stiven Spilberg Indiana Jonsning so‘nggi sarguzashtini suratga olmaydi. U dastlab filmga rejissyorlik qilishni maʼlum qilgandi. Keyinchalik film rejissyori sifatida Jeyms Mangold eʼlon qilindi.

Spilberg loyihada Ketlin Kennedi, Frenk Marshall va Saymon Emanuel bilan birga prodyuser sifatida qoldi. Senariyni Mangold, Battervort va Jon-Genri Battervort yozgan. Musiqani esa Indiana Jons faxriysi Jon Uilyams yozadi.

“Indiana Jons 5”ni katta ekranlardagi premyerasi 2023-yilning 30-iyuniga rejalashtirilmoqda. Biroq “Disney” filmning jahon premyerasi 18-may kuni Kann kinofestivalida bo‘lishini tasdiqladi.

Теглар:
×