Mualliflik huquqini buzgan fuqaro javobgarlikka tortildi

Mualliflik huquqini buzgan fuqaro javobgarlikka tortildi

Kinoteatrlarda qo‘yilgan “Hollywood” filmlarini ruxsatsiz yozib, ularni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatgan fuqaro jarimaga tortildi.

2 ta film kinoteatrda yozib olingan

 

Fuqaro T.B tomonidan ayni seans ketayotgan paytda 2 ta film: “Vonka” va “Akvamen: yo‘qotilgan qirollik” filmlari shaxsiy uyali telefonga yozib olingan. Bu vaziyat haqida Adliya vazirligiga tegishli murojaatnomalar kelib tushgan. U filmlarni butun videolari hamda ovozlarini yozib olgan holda Telegram kanallarda tarqatgan.

  

Ushbu vaziyat yuzasidan tegishli materiallar to‘planib, sudga yuborilgan. Sud esa Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 177(1)-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlik sodir bo‘lgan ekanligini hisobga olib, unga nisbatan jarima to‘lash jazosini qo‘lladi. Undan tashqari, ushbu huquq egasi yuzaga kelgan huquqbuzarlik uchun jinoyatchidan “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi Qonunning 65-moddasiga muvofiq zararlar yetkazilishi faktidan qat’iy nazar bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan 1000 baravarigacha tovon puli talab qilish huquqiga ega.

 

Lekin hali ham ko'plab fuqarolar mualliflik huquqiga jiddiy munosabat bildirishmayotgan shekili. Yaqinda kinoteatrlarda qo‘yilishni boshlagan, Qirg‘iziston ijodkorlari tomonidan ishlab chiqarilgan “Jannat onalar oyog‘i ostida” badiiy filmi bilan ham ayni shunday holatlar avj olmoqda. Filmni juda ko‘plab Telegram kanallar “yuzlari qizarmay”,o‘z kanallarida “saxiylik” bilan tarqatmoqda. Eng achinarlisi, MTRKga tegishli “Sport” telekanali ham o‘z Telegram kanalida ushbu filmni “reklama” qilib jo‘natdi.

"Agar shunday holatga ko‘zingiz tushsa, bizga murojaat qiling” – Adliya vazirligi

Adliya vazirligining matbuot kotibi Sevara Urinboyeva o‘z Telegram sahifasida ushbu ma’lumotlarni taqdim etib, mualliflik huquqi buzilgan holatlarga duch kelsangiz, o‘z huquqlaringizni himoya qilish maqsadida Adliya vazirligiga yoki tegishli sudga murojaat qilishni so‘radi.

Теглар:
×