“Taxtlar o‘yini” filmidagi mashhur temir taxt auksionda sotildi

“Taxtlar o‘yini” filmidagi mashhur temir taxt auksionda sotildi

“Taxtlar o‘yini” filmidagi mashhur temir taxt auksionda qariyb 1,5 mln dollarga sotildi

Heritage Auctions Amerikaning HBO nomli pulli televizion tarmog‘i bilan hamkorlikda “Taxtlar o‘yini” filmiga bag‘ishlangan kimoshdi savdosi o‘tkazdi. Auksionda 4,5 mingga yaqin kishi qatnashdi. Unda 900 dan ortiq rekvizitlar kimoshdi savdosiga qo‘yildi va umumiy tushum 21 million dollarni tashkil etdi.



Filmdagi mashhur detal — plastikdan yasalgan va temir bilan qoplangan taxt savdodagi eng qimmat lot bo‘ldi. Olti daqiqa davom etgan savdodan so‘ng rekvizit 1,49 million dollarga sotildi. “Taxtlar o‘yini” fantastik serial qahramonlari sakkiz fasl davomida kuch-qudrat ramzi bo‘lgan mazkur taxt uchun kurashib kelgan.

Bundan tashqari, kimoshdi savdosida Jon Snouning qilichi 400 ming dollarga, sovuti esa 337,5 ming dollarga sotildi.



Jeym Lannisterning aslahalari, Serseyaning kostyumi, Sansa va Arya Starkning kiyimlari, shuningdek, franshizadagi interyer buyumlar, ajdahoning bosh suyagi kabi predmetlar ham auksionda sotuvga qo‘yildi. Deyeneris Targaryenning kulrang charm kostyumi esa 112,5 ming dollarga sotildi.

Kimoshdi savdo tashkilotchilarining so‘zlariga ko‘ra, auksionda rekvizitlarning faqatgina asl nusxasi sotuvga qo‘yilgan. Ularning baridan “Taxtlar o‘yini”ni suratga olish jarayonida foydalanilgan.



Heritage Auctions vitse-prezidenti Jo Maddalenaning aytishicha, mazkur auksion ko‘plab shov-shuvlarga sabab bo‘lishini u avvaldan bilgan:


Barcha lotlar Emmi mukofotiga sazovor bo‘lgan iqtidorli dizaynerlar tomonidan yaratilgan. Ular Jorj Martinning ajoyib romanini kinoga moslashtirish uchun tinimsiz mehnat qilishgan. Auksion ishtirokchilari esa “Taxtlar o‘yini” asarining sehrli dunyosidan bir bo‘lakni o‘zida saqlashni istagan ashaddiy muxlislardir”, dedi u.


×