“Kalmar o‘yini-2”: serialning davomi haqida nimalar ma’lum?

Netflix platformasida taqdim qilingan “Kalmar o‘yini” 2021-yilning eng mashhur loyihalaridan biri bo‘ldi. Turli tanqidlar bo‘lganiga qaramay, muxlislarning ushbu filmga bo‘lgan qiziqishi tobora ortib bormoqda. Aksariyat tomoshabinlarni esa “Kalmar o‘yini”ning ikkinchi fasli qachon taqdim etilishi qiziqtirmoqda. Kelasi mavsumning ssenariysi endi yozilayotganiga qaramay, Harper’s Bazaar nashri Squid game bilan bog‘liq ma’lumotlarni umumlashtirdi.

Serial sujeti ishtirokchilarning tirik qolish uchun kurashishi va o‘yin so‘ngida birgina qahramon g‘olib bo‘lishidan kelib chiqilsa, vafot etgan qahramonlar keyingi mavsumda ishtirok etmaydi, deb xulosa qilish mumkin. Son Ki Xun va Xvan Chun Xo bundan mustasno. Negaki, politsiyachiga o‘q uzilgach, uning tirik qolgan yoki yo‘qligi aniq emas. Detektiv rolini ijro qilgan aktyorning ham serial davomida ko‘rinish berishi ehtimoli yo‘q emas. “Detektiv o‘ladigan darajada yaralangan, deb hisoblamayman”, — degan Vi Xa Jun bergan intervyularidan birida. Shuningdek, tomoshabinlar serialda boshlovchini gavdalantirgan aktyorni ham keyingi qismlarda ko‘rishi mumkin bo‘ladi. Serialning yakunida Ki Xunning keyingi o‘yinda ishtirok etadigan yangi ishtirokchilar haqida xabar topishi bejiz emas.

Xvan Don Xyok serialning ikkinchi faslida voqealar qanday kechishini hali rejalashtirmaganini bir necha marta takrorlagan. Birinchi mavsumning so‘nggi qismidagi yakundan keyin ko‘plab savollar paydo bo‘lgan. Samolyotga chiqmagan Son Ki Xunning qayerga borgani, o‘yinning yangi boshqaruvchisi kim ekani, nima uchun politsiya mag‘lublarning taqdiri o‘lim bilan tugaydigan xavfli loyihaga ko‘z yumgani shular jumlasidan. Umuman voqealar rivoji qanday davom etishini vaqt ko‘rsatadi.

“O‘ylashimcha, politsiya bilan bog‘liq muammo faqat koreyslarda emas. Jahon yangiliklarida politsiyaning aksariyat hollarda juda kech chora ko‘rgani va yetarli bo‘lmagan tezlikda munosabat bildirganini ko‘raman, shu sabab ham qurbonlar soni tobora ortib bormoqda. Bu men ko‘tarishni istagan muammo. Ikkinchi mavsumda buni batafsilroq ochib beraman, ehtimol”, — degan rejissor.

Rejissor serial motivi asosida to‘liq metrajli film suratga olishni rejalashtirgan. “Aqlimda yuksak darajadagi kartina bor, ammo uning ustida ishlashga darrov kirishmoqchi emasman. Men suratga olishni istaydigan film bor. Men bundan birinchi bo‘lib nima qilish mumkinligi haqida o‘ylayapman. Ammo dastlab Netflix bilan bu haqida gaplashib olish kerak”, — deb qo‘shimcha qilgan rejissor.

Теглар:
×