Aktyor Leonardo Di Kaprioning biznesi katta zarar ko‘rmoqda

Aktyor Leonardo Di Kaprioning biznesi katta zarar ko‘rmoqda

Dunyoga mashhur amerikalik aktyor Leonardo Di Kaprioning zamonaviy krossovkalar ishlab chiqaruvchi Wild Loci Ltd kompaniyasi 3,5 million dollar miqdorda kreditor qarzdorliklari tufayli zarar ko‘rmoqda.

Xabarga ko‘ra, 49 yoshli aktyorning shaxsiy boyligi 300 million dollarni tashkil qiladi va mablag‘ining katta qismini Di Kaprio aynan Wild Loci Ltd kompaniyasiga sarmoya sifatida kiritgan.

Mazkur eko-biznes Britaniyada qayta ishlangan bambuk, penoplast va kauchukdan krossovkalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Har bir juft poyabzal uchun 20 ta qayta ishlangan plastik qutilardan foydalaniladi. Wild Loci krossovkalari ayollar va erkaklar uchun turli uslub va o‘lchamdagi poyabzallar assortimentini o‘z ichiga oladi va har biri o‘rtacha 155-220 dollar narxda sotiladi.

Companies House’ga taqdim etilgan hisobotga ko‘ra, 2023-yil aprelda Wild Loci Ltd kompaniyasi 3 479 440 dollar miqdorda zarar ko‘rgan. Bir yil avval brendning zarari 1 245 796 dollarni tashkil etgan edi.

“Men atrof-muhitga bo‘lgan zararli ta’sirni kamaytirishga intilgan, tabiatni muhofaza qilishga o‘z hissasini qo‘shgan hamda hayvonlarda test sinovlari o‘tkazmaydigan Loci ekologik toza brendining investori ekanligimdan faxrlanaman”, deydi Leonardo.


Shunga qaramay, aktyorni ikkiyuzlamachilikda ayblaydiganlar ham kam emas, chunki Di Kaprio iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishga va qayta ishlangan materiallardan kiyim va poyabzal sotib olishga undash bilan birga hashamatli turmush tarzini ham olib boradi.

“Oskar” mukofoti sovrindori 1998-yilda 24 yoshida biologik xilma-xillikni muhofaza qilish, okean va o‘rmonlarni asrash hamda global issiqlik muammosiga e’tiborni kuchaytirish maqsadida “Leonardo Di Kaprio jamg‘armasi”ga asos solgan. Shuningdek, aktyor Butunjahon yovvoyi tabiatni muhofaza qilish jamg‘armasi, Tabiiy resurslarni himoya qilish kengashi, Hayvonlarni himoya qilish xalqaro jamg‘armasi hamda Pitine Seas and Oceans 5 kabi qator ekologik tashkilotlarning direktorlar kengashida faoliyat yuritib kelmoqda.

Теглар:
×